2 aprel kuni Tojikistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi, deya xabar qildi «Xovar» Tojikiston milliy axborot agentligi.

O‘zbekiston 2009 yilda Markaziy Osiyo yagona energiya tizimidan chiqqanidan so‘ng qo‘shni davlat chegaradosh hududlarida elektr energiyasi almashish tizimida uzilishlar yuzaga kelgan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 9−10 mart kunlari Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida o‘zaro elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan edi.

Avvalroq «O‘zbekenergo» kompaniyasi Tojikiston Energetika va suv xo‘jaligi vazirligi bilan 2018 yil vegetatsiya davrida 1,5 mlrd kVt.s hajmda elektr energiyasi yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuvga erishilgani haqida xabar bergan edi.

2018/2019 yillar qishki mavsumda Tojikistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish masalasi qo‘shimcha ko‘rib chiqilmoqda, deya qayd etdi kompaniya.