Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2 apreldagi farmoni bilan Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi bazasida O‘zbekiston Qurilish vazirligi tashkil etildi.

Farmonda qayd etilishicha, tahlillar qurilish sohasida davlat boshqaruvini tashkil etishda zamonaviy shaharsozlik uslublari, normalari va qoidalarini keng joriy qilishga, raqobatni rivojlantirishga, yangi sub’ektlarning innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar bilan bozorga kirib kelishiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni ochib berdi.

Xususan, shaharsozlik faoliyati, loyiha va pudrat xizmatlari bozori, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishning holati hamda rivojlanish tendensiyalari kompleks tahlil qilinmagan, shaharsozlik sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishning maksimal shaffofligi va samaradorligi ta’minlamayapti.

Ko‘pchilik aholi punktlarining bosh rejalari mavjud emasligi hududlarni kompleks qurishga, ishlab chiqarish va infratuzilma ob’ektlarini joylashtirishga, tadbirkorlik va ishbilarmonlik faolligini rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, shuningdek, qurilish jarayonida puxta o‘ylanmagan qarorlarni qabul qilishga sabab bo‘lmoqda.

Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar ancha eskirgan hamda ularda arxitektura-qurilish ishlarini olib borishning innovatsion uslublarini, energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng qo‘llash e’tiborga olinmagan, bu esa loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va ob’ektlarni qurish sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qurilish ishlarini tashkil etish, innovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni joriy qilishda ayrim hollarda tor idoraviy manfaatning ustunlik qilishi byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanmaslikning sabablaridan biri hisoblanadi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi huzuridagi Davlat arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, Qurilishda standartlashtirish va sertifikatlash respublika markazi Qurilishda standartlashtirish respublika markazi etib qayta tashkil qilindi.

Rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi hamda Ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bazasida Vazirlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • shaharsozlik va qurilish uchun muhandislik-texnik izlanishlar sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni olib borish, mehnat unumdorligini oshirish, qurilish-montaj ishlari qiymatini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan energiya samarador va energiya tejaydigan innovatsion loyiha va qarorlarni qurilish faoliyatiga joriy etish;
  • respublika hududida aholini joylashtirishning bosh sxemasini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar, shaharlar hududlarini rejalashtirish sxemalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini va boshqa shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlashni tashkil qilish, ularning amalga oshirilishi ustidan monitoring yuritish;
  • shaharsozlik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash, arxitektura-qurilish faoliyatini rivojlantirishning uzoq muddatli va o‘rta muddatli davlat dasturlarini ishlab chiqish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning tarmoq va hududiy dasturlarini tayyorlashda ishtirok etish;
  • loyiha ishi va qurilish faoliyatini muvofiqlashtirish, loyiha-qidiruv tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish va hududiy tarmoqlarini kengaytirish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qo‘llaniladigan va eksperimental loyihalarni va loyiha yechimlarini ishlab chiqishni tashkil etish, shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish;
  • shaharsozlik va shaharsozlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish va yangilash, idoraviy qurilish norma va qoidalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish, loyihalash, qurilish, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish sohasida standartlashtirish ishlarini amalga oshirish;
  • arxitektura, loyihalash va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlash, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonining darajasi va sifatini tubdan yaxshilash, qurilish sohasida, jumladan, chet eldagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilar va mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishga ko‘maklashish.

Aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarga qat’iy muvofiq ravishda kompleks qurilishi, aholi punktlarini rejalashtirish va qurish, loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini bajarish, qurilish materiallari va buyumlari ishlab chiqarish va ulardan foydalanishda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikka, shaharsozlik norma, qoida va standartlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, shuningdek buyurtmachi texnik nazorat va loyiha tashkilotlari mualliflik nazorati olib borishi ustidan monitoring o‘tkazish vazirlik huzuridagi Qurilish sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Farmon bilan qurilish-montaj tashkilotlari reyestrini yuritish to‘g‘risidagi talab bekor qilindi. Barcha tadbirkorlik sub’ektlariga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasidan moliyalashtiriladigan ob’ektlar qurilishi doirasida tovar (ish, xizmat)larni xarid qilish bo‘yicha tanlov (tender) savdolarida belgilangan tartibda ishtirok etish huquqi berildi.

Ikki hafta muddatda qurilish sohasida ayrim faoliyat turlarini litsenziyalashning soddalashtirilgan mexanizmi tasdiqlanadi.

Akkreditatsiya mexanizmini joriy etish orqali, jumladan, akkreditatsiya organining mustaqilligini ta’minlash, sub’ektlarning malaka talablariga muvofiqligini baholash tartibini belgilashni nazarda tutgan holda, qurilish sohasida texnik nazoratga oid davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.