O‘zbekistonda 2018 yilning birinchi choragida iste’mol mahsulotlarining asosiy turlari narxlari o‘rtacha 1 foizga o‘sdi, deya xabar qildi Markaziy bank. Respublika hududlaridagi narxlar dinamikasi tahlillari narxlar barqarorlashganidan dalolat bermoqda, deyiladi xabarda.

Mart oyida kuzatilayotgan tovarlar bo‘yicha narxlar o‘rtacha 0,4 foizga pasaygan bo‘lsa, yanvar va fevral oylarida mos ravishda 0,6 va 0,7 foizlik o‘sish qayd etilgan edi.

Birinchi chorakda ayirboshlash kursi barqarorligining saqlab qolinishi va pul massasining past sur’atlarda o‘sishi iqtisodiyotning iste’mol sektorida inflyatsiya jarayonlarining jilovlanishi va narxlar darajasining turg‘unlashuviga xizmat qildi, deya qayd etdi MB.

Yanvar-mart oylarida ayirboshlash kursi 0,5 foizga mustahkamlandi, o‘tgan yilning shu davrida u 10 foizga qadrsizlangan edi. Pul massasi 1 foizga oshdi (2017 yilning shu davrida — 7,5 foizga). Muomaladagi naqd pul hajmi 6 foizdan ziyodroqqa kamaydi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 21 foizga oshgan edi.

Markaziy bank tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, yil boshidan buyon sezilayotgan va kutilayotgan inflyatsiya oqibatlari darajasi pasaymoqda. Ichki bozorda taklif qilinayotgan birlamchi ehtiyoj tovarlari barqarorligi va narxlarning o‘sishi uchun boshqa fundamental omillarning yo‘qligini hisobga olgan holda MB narxlar beqarorligi uchun ob’ektiv sabablar yo‘qligini ma’lum qildi.