30 mart kuni O‘zbekiston Oliy sudi sudyalari Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida joylashgan «Surxonteks» ip-yigiruv korxonasi ishchi-xizmatchilari va shu yerda yashovchi fuqarolarbilan ochiq muloqot o‘tkazdi, deya xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati.

Muloqotda Oliy sud raisi o‘rinbosari Bahodir Dehqonov, Oliy sudning jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yichasudyalari tomonidan korxonaning ishchi, xodimlari va fuqarolarga mamlakatda qabul qilingan yangi qonunlar, sud-huquq sohasidagi islohotlar, sudlarning vazifalari hamda sudga murojaat qilish tartiblari haqida tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, fuqarolarning qator savollari, jumladan sud tomonidan yoshlar va ayollarga jamoat tashkilotlari kafilligi bilan yengilroq turdagi jazoni tayinlash, xodim tomonidan korxona, muassasaga yetkazilgan zararni undirish tartibi, korxonada mehnat intizomini buzganlik uchun intizomiy jazolarning qo‘llanish tartiblari, turar joylardan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlik haqidagi savollarga batafsil javob berildi.

Oliy sud raisining o‘rinbosari yig‘ilganlarning jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudining raisi B. Ikromov, ma’muriy sudi raisi X. Rahimova, shu tumandagi nizolarni ham ko‘ruvchi fuqarolik ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining raisi A. Muxammadiyevning ish faoliyati haqidagi fikrlari bilan ham tanishdi.

Shundan so‘ng, Jarqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudining raisi X. Rahimova fuqarolarning davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari ustidan yangi tuzilgan ma’muriy sudlarga murojaat qilish tartiblari va bu toifadagi ishlarni ko‘rish amaliyoti haqida ma’ruza qildi.