1 apreldan boshlab bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari olish uchun jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar, deya xabar berdi Adliya vazirligi o‘zining rasmiy Telegram-kanalida.

28 mart kuni Vazirlar Mahkamasi Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

Endilikda yo‘llanmalar muassasalarda o‘rinlar bo‘shagan kuni navbatga muvofiq rasmiylashtiriladi. Bunda imtiyozli ro‘yxatga kiritilganlar bo‘yicha yo‘llanmalar umumiy ro‘yxatga kiritilganlarga nisbatan birinchi navbatda rasmiylashtiriladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari; uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning bolalari; harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari; talabalar va pedagoglarning bolalari; yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar; boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar; akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi.

Bolalarni muassasaga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmati bepul amalga oshiriladi.