O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Bekobodda (Toshkent viloyati) ovqatdan ommaviy zaharlanish hodisasi qayd etilganini ma’lum qildi. Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 30 mart kuni 6:20 dan 31 mart 14:30 ga qadar tibbiyot muassasasiga 55 kishi, jumladan 6 nafar bola tana xaroratining ko‘tarilishi, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi, bo‘g‘imlarda og‘riq kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan.

O‘tkazilgan epidemiologik tekshiruvlar ular 28 mart kuni Bekobod shahridagi «Baxt uyi» to‘yxonasi bo‘lib o‘tgan nikoh to‘yi va «Dildora» to‘yxonasida o‘tkazilgan qiz bazmida ishtirok etgan. Birinchi tadbirda 300 kishi ishtirok etgan bo‘lsa, ikkinchisida 280 kishi qatnashgan. Har ikki zalga taom va salatlarni «Nodirbek omad baraka» xususiy korxonasiga tegishli «Istiqlol» kafesi yetkazib bergan.

Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyida o‘rganish, bemorlarni davolash, profilaktika va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni o‘tkazishda mahalliy mutaxassislarga amaliy yordam ko‘rsatish uchun Respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti direktori, institut shifoxonasining bosh vrachi, 3 nafar reanimatolog, Respublika sanitariya — epidemiologiya nazorat markazi bosh vrachi va bo‘lim mudiri 30 mart kuni Bekobod shahriga yuborildi.

Bemorlarning umumiy ahvoli o‘rtacha og‘irlikda. 2 nafar bemorga qoniqarli ahvolda uylariga javob berildi. Murojaat qilgan 7 nafar bemorga ambulatoriya sharoitida tibbiy yordam ko‘rsatilib, ahvollari qoniqarli bo‘lgani uchun uylariga ketishga ruxsat berildi.

To‘y marosimida ishtirok etgan fuqarolarni ro‘yxatini aniqlash, profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish uchun shahar tibbiyot birlashmasidan jalb etilgan 136 nafar patronaj hamshira va sanitariya-epidemiologiya xizmatidan 50 nafar mutaxassis tomonidan xonadonma-xonadon yurib, surishtirish ishlari olib borilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyatni o‘z nazorati ostiga olgan.