«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 31 martdan bahor oxiriga qadar Toshkentdan Nyu-Yorkka va ortga qaytish uchun chipta narxlarini arzonlashtirdi.

Kompaniyadan «Gazeta.uz"ga xabar qilinishicha, S ekonom klass uchun bir tomonga eng arzon chipta narxi 288 yevro (minus 89 yevro), borish-kelishga esa 496 yevrogacha (minus 125 yevro) arzonlashtirildi. Qimmatroq O ekonom klass chiptasi narxi 377 yevrogacha (minus 60 yevro), har ikki tomonga — 621 yevro (minus 100 yevro) pasaytirildi.

5 apreldan 25 oktyabrgacha «O‘zbekiston havo yo‘llari» Nyu-Yorkka ikkinchi — payshanba kunlari, 29 maydan 17 sentyabrgacha — uchinchi — seshanba kunlari qatnovlarni joriy etadi.

Toshkentdan Nyu-Yorkka uchuvchi yo‘lovchilarning katta qismi Samarqand shahri va Samarqand viloyatidan ekanini hisobga olgan holdi MAK 4 apreldan 31 maygacha chorshanba va shanba kunlari maxsus tarifli hamda Nyu-Yorkkacha ulama ro‘yxatga olish imkoniyati bo‘lgan reyslarni ochmoqda.

Samarqand aeroportidan uchib keluvchi yo‘lovchilar yuklarini Nyu-Yorkkacha ro‘yxatdan o‘tkazishlari va Nyu-York reysiga qo‘nish talonini olishlari mumkin.

Toshkent aeroportida tranzit yo‘lovchilar mahalliy qatnovlar terminalidan shattl-avtobuslarda xalqaro terminalga yetkaziladi.

Aviakompaniya bu kabi qatnovlarni O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham ochishni rejalashtirmoqda.

«Toshkent-Nyu-York-Toshkent» reysi Boeing-787 Dreamliner samolyotlarida amalga oshiriladi.