30 mart kuni «Gazeta.uz» internetda bolalar bog‘chasi tarbiyachisi tarbiyalanuvchilarni kaltaklagani tasvirlangan video tarqalgani haqida ma’lum qilgan edi. O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etgan tezkor guruh hodisani o‘rganib, rolik tasvirga olingan joyni aniqladi.

MTV matbuot xizmatning nashrimizga xabar berishicha, videomaterial 27 mart kuni Jizzaxdagi 39-sonli «Navro‘z» maktabgacha ta’lim muassasasida ushbu bog‘chada hozirda amaliyot o‘tayotgan Jizzax davlat pedagogika instituti 1-bosqich talabasi Sh. K. tomonidan suratga olingan va ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborilgan.

Videomaterialda mazkur bog‘cha tarbiyalanuvchilarini qo‘lidagi fayl papka bilan urayotgan tarbiyachi esa shu bog‘chada 2007 yildan buyon ishlayotgan oliy ma’lumotli, pedagog (Jizzax davlat pedagogika institutini tamomlagan), 1981 yilda tug‘ilgan Mohira Mamatqulova ekani aniqlandi.

Surishtiruv davomida hodisa sodir bo‘lgan kuni oilaviy muammolari sababli kayfiyati bo‘lmagan. Tarbiyachi M.Mamatqulovaning 11 yillik ish faoliyati davomida kamchiliklar kuzatilmagani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Mehnat kodeksining 100-moddasi 4-qismiga binoan tarbiyachi Mohira Mamatqulova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinib, qonuniy chora ko‘rish uchun Jizzax shahar prokuraturasiga hujjatlar topshirilgan. Hozirda prokuratura organlari tomonidan surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, MTV mazkur maktabgacha ta’lim muassasasining mudirasi vazifasini 27 mart kunidan buyon bajarib kelayotgan Nafisa Gulmurotova, tarbiyachi yordamchisi Dilbar Hamroyeva hamda hamshira Gulnoza Xolmamatova bilan tuzilgan mehnat shartnomalari ham bekor qilinganini ma’lum qildi.

31 mart kuni Jizzax shahrida MTV rahbariyati, Jizzax viloyati MTB, tuman va shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlari rahbarlari, Jizzax shahridagi barcha MTM mudiralari va tarbiyachilari (jumladan «Navro‘z» nomidagi №39 MTM xodimlari) ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, bunday noxush holatlarni takrorlamaslik va har bir xodim o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida o‘z ishida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun Jizzax shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Qodirov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Qayd etish joizki, juma va yakshanba kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatida tashrif bilan bo‘ldi.

Safar davomida davlat rahbari maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin hamrohligida Do‘stlik tumani Manas qishlog‘idagi ta’mirdan chiqarilgan 17-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi.

Bolalar bog‘chasi 1978 yilda qurilgan. Muassasa yangi mebel, musiqiy asbob-uskunalar, o‘yin materiallari va tibbiy jihozlarga ega bo‘ldi.