O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasidagi «G‘ishtko‘prik» o‘tkazish punkti orqali kuniga 30 mingdan ortiq kishi o‘tmoqda. Bu haqda juma kuni Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari boshqarmasi tomonidan jurnalistlar va blogerlar uchun tashkil etilgan media-turda ma’lum qilindi.


Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekiston bilan qo‘shni davlat chegaralarida 69 ta o‘tkazish punktlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, ular orqali kuniga 120 mingdan ziyod kishi kirib-chiqmoqda. Ularning to‘rtdan bir qismi esa aynan «G‘ishtko‘prik» (Qozog‘istonda — «Jibek joli») hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.


O‘tkazish punkti zamonaviy skanerlash uskunalari bilan ta’minlangan. Yaqinda yirik hajmli yuklarni qisqa fursatda skaner qilishga mo‘ljallangan uskuna ham o‘rnatildi. Bu chegarani kesib o‘tish jarayonini tezlashtirib, turli noqulayliklar, jumladan katta hajmli yuklarni ochish, qadog‘idan chiqarish kabi jarayonlardan voz kechish imkoniyatini yaratdi.


Bugungi kunda o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistondan chiqib ketayotganlarni pasport nazoratidan o‘tkazish uchun 9 ta kabinada bir vaqtda 18 nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Bir kishining O‘zbekiston hududiga kirib, barcha chegara va bojxona jarayonlaridan o‘tishi yuksiz holatda 3,5−4 daqiqani olmoqda. Bu vaqtning katta qismi esa oraliq masofani piyoda bosib o‘tishga sarflanmoqda.


Shuningdek, chegara o‘tkazish majmuasi o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra yuk mashinalarini boshqa — «Toshkent» va «Navoiy» o‘tkazish punktlari orqali o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi, deydi DXX Chegara nazorati boshqarmasi boshlig‘i Sobir O‘rinboyev.