O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 mart kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Dastlab u Zarbdor tumanidagi «Zarbdor tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Ushbu muassasa qurilishi haqida prezidentning o‘tgan yil viloyatga safarida topshiriq berilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev yaqinda Samarqand viloyatiga safari vaqtida har bir hududda eng kamida ikkitadan to‘qimachilik korxonasi qurilishi lozimligini ta’kidlagan edi.

«Zarbdor tekstil» ana shunday korxonalardan biri bo‘ldi. Bu yerda hozirda 1060 nafardan ziyod ishchi mehnat qilmoqda.

«Mening eng katta maqsadim — odamlarni ish, daromad manbai bilan ta’minlash, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Endi paxtani xorijga kamroq eksport qilamiz, uni o‘z mamlakatimizda qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqaramiz».
Shu yerning o‘zida Jizzax viloyatida to‘qimachilik, kimyo va farmatsevtikani rivojlantirish, shuningdek investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.