2017 yil mobaynida O‘zbekiston davlat chegaralaridagi o‘tkazish punktlari orqali jami 22 mln dan ortiq kishi o‘tgan bo‘lib, ularning qariyb 7 mln nafarga yaqini chet el fuqarolaridir. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari — Bosh shtab boshlig‘i general-mayor Nosirbek Usmanbekov payshanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Uning ma’lum qilishicha, o‘tgan yil davomida davlat chegaralarida 920 mingdan ortiq transport vositasi ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ularning 400 mingdan ziyodi chet el transport vositalaridir.

«2017 yil hisobida davlat chegarasi hududida 4940 nafar chegara buzg‘unchisi ushlandi, — deydi Nosirbek Usmanbekov. — Shuningdek, 32 mlrd so‘mlik noqonuniy olib o‘tilayotgan moddiy vositalar, 1,88 mln AQSH dollari va boshqa davlatlar valyutalari, 48 kg 971 gramm miqdorida giyohvand moddalar va 285 dona qurol ushlab qolingan».