Jurnalist Bobomurod Abdullayev jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining navbatdagi majlisida bloger Hayotxon Nasriddinov va tadbirkor Ravshan Salayev tomonidan ruhiy bosim o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Ularning barchasi Shavkat Olloyorov bilan birgalikda O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuzda ayblanmoqda.

«O‘zimni menga nisbatan uyushtirilgan ayblovdan himoya qilaman, deb o‘ylagandim. Biroq sud majlisidan so‘ng bu yerda men bilan birga o‘tirgan ayrim odamlardan ham himoyalanishga majburligim haqidagi xulosaga keldim. Gap shundaki, sud jarayoni boshlanganidan beri Hayotxon Nasriddinov va Ravshan Salayev tomonidan ruhiy bosim ko‘rsatilmoqda, haqoratlar yog‘dirilmoqda», — dedi Bobomurod Abdullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Nasriddinov uni haqorat qilib, yoqimsiz so‘zlarni aytgan: «Qarama, yuzingni bejayman». Ikkinchi ikkinchi sud majlisi jarayonida Salayev tomonidan ham haqoratlar yog‘ilgan.

«Mening sabring tugadi. Dushanba kuni bu yerga (sud zaliga — tahr.) kelganimda, Ravshan Salayev: „Bobomurod, nimaga Muhammad Solih hozir Istanbulda o‘tirib, dengizda baliq yeyayapti, biz esa sen bilan bu yerda o‘tiribmiz?“, dedi», — deydi Abdullayev. U javob o‘rniga jim bo‘lgan, chunki sudlanuvchilar o‘rtasida suhbatlashish taqiqlangan.

Sud majlisida raislik qilayotgan sudya Zafar Nurmatov sudlanuvchilarni bir-birlarini hurmat qilish va aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga rioya etishga chaqirdi.

Shuningdek, Bobomurod Abdullayev ko‘rsatmalar berayotgan chog‘ida boshqa sudlanuvchilar aralashmasliklari va izoh bermasliklarini nazorat qilishni so‘radi.