Rossiyaning Kemerovo shahrida o‘nlab kishilarning o‘limiga sabab bo‘lgan fojiadan so‘ng O‘zbekistonda savdo markazlari, ko‘ngilochar majmualar va shu kabi obyektlar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkent IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Seshanba kuni kechqurun Toshkent ma’muriyatida ushbu masalaga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda savdo majmualari, ularga tenglashtirilgan bozorlar va odamlar ommaviy yig‘iladigan boshqa ob’ektlarda yong‘in-profilaktika tekshiruvlari o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Asosiy e’tibor evakuatsiya yo‘llarining holati, yong‘indan xabar berish, tutun chiqarish tizimlari, harakatlanish yo‘nalishlari ko‘rsatkichlari va avariyadan ogohlantirish tizimlari ish holatiga qaratiladi. Shuningdek, savdo markazlari xodimlarining yong‘in vaqtidagi harakatlarga tayyorgarligi tekshiruvdan o‘tkaziladi. Tekshiruvlar yakunlari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

Toshkentda ayni paytda 40 ga yaqin savdo markazlari va ko‘ngilochar majmualar mavjud. “Hozir ro‘yxat tuzilmoqda. Tekshiruvlar hokim qarori qabul qilinishi bilanoq boshlanadi. Kelgusida profilaktik tadbirlar kinoteatrlar va odamlar ko‘p miqdorda yig‘iluvchi boshqa ob’ektlarda ham o‘tkaziladi”, — dedi IIBB YXB vakili.