Toshkent shahar yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar boshqarmalari chorshanba kuni Toshkentdagi to‘rtta yirik savdo-ko‘ngilochar majmua — Next, Samarqand Darvoza, Mega Planet va Magnit`da xodimlar uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bu haqda poytaxt IIBB saytida xabar qilindi.

SKMlar xodimlari yong‘in sodir bo‘lganida harakatlanish, yong‘inning ehtimoliy o‘choqlarini bartaraf etish va fuqarolarni tezkor evakuatsiya qilish yo‘llarini o‘rganmoqda.

Prezidentning 2017 yil 23 maydagi qarori bilan O‘zbekistonda haftaning har chorshanba kuni yong‘inlar profilaktikasi kuni deb e’lon qilingan.

Yakshanba kuni Kemerovo shahridagi (Rossiya) «Zimnyaya vishnya» savdo majmuasidagi yirik yong‘indan so‘ng Toshkentdagi yirik savdo-ko‘ngilochar majmualarda yong‘in-profilaktika tekshiruvlarini o‘tkazish tavsiya qilindi.