AQSH agarda «Tolibon» harakati tinchlik taklifiga e’tibor qaratmasa, ularga qarshi kurashishda davom etadi, deya ma’lum qildi AQSH davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon seshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyada.

AQSH Davlat departamenti vakili harbiy harakatlar muammolarni hal etmasligini ta’kidladi va barcha tomonlarni afg‘on hukumati va «Tolibon» harakati muzokaralar stoli atrofida jam bo‘lishi uchun birlashishga chaqirdi. U toliblar ishtirokisiz Afg‘oniston muammosini hal etib bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

«Biz Afg‘oniston hukumatining xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha choralarini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Biz o‘z ittifoqchilarimiz bilan shunga aminmizki, Afg‘oniston hukumatida „Tolibon“ harakatiga qarshi kurashish va barqarorlikni ta’minlash uchun barcha imkoniyatlar mavjud», — deya qo‘shimcha qildi u.

Davlat kotibi o‘rinbosari AQSH yordamida Afg‘oniston hukumati muhim islohotlarni amalga oshirib, «Islom davlati», «Al Qoida» va boshqa terroristik tashkilotlar bilan kurash olib bormoqda.

AQSH iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, ushbu mamlakatni «xotirjam bandargoh"ga aylantirish uchun Afg‘oniston olib borayotgan choralarni qo‘llab-quvvatlashga davom etadi, dedi Tomas Shennon.