Yevropa ittifoqi Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining tinchlik kelishuvi bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlab, tinchlik o‘rnatish jarayoniga xayrixoh «Tolibon» harakati a’zolarini sanksion ro‘yxatdan chiqarishga tayyor.

Bu haqda Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini 27 mart kuni Toshkentdagi Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ma’lum qildi.

«Diplomatik tomondan biz saknsiya e’lon qilinganlarni ro‘yxatdan chiqarishga yordam ko‘rsatishimiz mumkin. Bi shuningdek qurollik qarshilikni to‘xtatgan odamlar bilan jamiyatda o‘z o‘rnini topa olishi, o‘z ishini boshlashi va qayta moslashishlari uchun ular bilan doimiy ishlash, oilalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deya Federika Mogerini YeI taklifini e’lon qildi.

U Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi na Yevroittifoqqa, na boshqa aloqador shaxslar, balki faqatgina afg‘onlarning o‘zlariga taalluqli ekanini eslatib o‘tdi.

«Bizning taklifimiz hali ham urush olib borayotganlarga: tinchlik va muloqot yo‘lini tanlang, tinch muzokaralarni boshlash uchun jasurlik ko‘rsating. Shunda biz sizni qo‘llab-quvvatlaymiz, ushbu muloqotda sheriklarga aylanamiz. Va biz ushbu urushni tugatish va tinchlik o‘rnatishda sizlarga yordam beramiz», — dedi YeI Oliy vakili.

«Afg‘oniston allaqachon juda o‘zgardi. Bu o‘zgarishlar davom etishi, mustahkamlanishi, ortga qaytmas bo‘lishi lozim», — dedi Federika Mogerini.

U YeI ushbu jarayonda iqtisodiy va diplomatik yordami, shuningdek turli sohalarda ekspertlik bilimlarini taklif qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

«Bugun Yevropa ittifoqi aniq jarayon uchun emas, balki hamkorlik uchun oldinga chiqmoqda, chunki biz aks holda qanday talafot sodir bo‘lishi mumkinligini bilamiz», — dedi YeI Oliy vakili.