Namangan viloyatining Pop tumanida hojatxona o‘rasiga tushib ketgan iPhone smartfonini olishga urinish vaqtida vafot etganlar soni uch nafarga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati xabar qildi.

Avval xabar qilinganidek, 25 mart kuni 22:00 da 1986 yilda tug‘ilgan B.Rahmatov uyi hovlisida joylashgan hojatxonasiga tushib ketgan iPhone smartfonini olish maqsadida qo‘shnisi, shu ko‘chada yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan E.Niyazovni yordamga chaqiradi. B.Rahmatov arqon yordamida hojatxona ichiga tushgan va hushini yo‘qotgan.

E.Niyazov B.Rahmatovni qutqarish maqsadida hojatxona ichiga tushganida u ham hushini yo‘qotadi. Shundan so‘ng B.Rahmatovning otasi, 1956 yilda tug‘ilgan H.Rahmatov ularni qutqarish maqsadida ular ortidan tushib, is gazidan zaharlanadi.

Hodisa joyiga yetib kelgan FVV xodimlari uch erkakni hojatxona o‘rasidan chiqarib oldi. E.Niyazov va B.Rahmatov zaharlanib, voqea joyida halok bo‘ldi. H.Rahmatov esa kasalxonaga yotqizilgan. Biroq H.Rahmatovga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalalarga qaramasdan, u shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi.

FVV fuqarolardan shu kabi baxtsiz hodisalar sodir bo‘lganida o‘zboshimchalik bilan harakat qilmasdan, FVV qutqaruv xizmatiga zudlik bilan murojaat qilishni so‘radi.