«Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» xalqaro konferensiyasi Toshkent xalqaro konferensiyasi deklaratsiyasi imzolanishi bilan yakuniga yetdi.

Yuqori darajali forum yakunlarini sarhisob qilar ekan, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov deklaratsiya afg‘on masalasini hal etishdagi hamkorlikdagi ishlar va birdamlik belgilaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.

«Bu jahon hamjamiyati urush va zo‘ravonliklardan charchagani va barchamiz tinchlik, xotirjamlik va xalqlarimiz farovonligini xohlashimizni bildiradi», — dedi tashqi siyosat mahkamasi rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning konferensiyadagi nutqidan iqtibos keltirar ekan, Abdulaziz Kamilov shunday dedi: «Aslida bu bir madaniyat, bir tarix, bir tamaddun makonidir».

«Prezidentimiz ta’kidlab o‘tganlaridek, davlatlar va mintaqalar xavfsizligi va qayg‘usini bizniki yoki o‘zgalarniki deb ajratib bo‘lmaydi. Shuning uchun Afg‘onistonning dardi — bizning dardimiz, bu yerda hozir bo‘lgan barchaning dardidir, chunki u yoki bu tomondan biz ushbu muammoga bevosita aloqadormiz», — dedi vazir.