Afg‘oniston ichidagi siyosiy jarayonlarni boshlashni endi orqaga surib bo‘lmaydi. Bu jarayonni cho‘zish yana ko‘plab begunoh odamlarning qurbon bo‘lishiga olib keladi, dedi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyadagi nutqida. Tadbirda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani ishtirok etmoqda.

«O‘zbekiston Kobul jarayonidoirasidagi ikkinchi majlis ishtirokchilarining Afg‘oniston hukumati bilan „Tolibon“ harakatining „oldindan shart qo‘ymaslik va kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik“ asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshlash haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlaydi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Tinchlik jarayonining muvaffaqiyatli bo‘lishini ta’minlash uchun afg‘onistonliklarning o‘zlariga tashabbus ko‘rsatish, muzokaralar qanday formatda, qachon va qayerda olib borilishi bo‘yicha tanlash imkonini berish kerak, — dedi O‘zbekiston prezidenti. — Bu o‘rinda gap, avvalo, qurolli muxolifat tomonidan ham, Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlari tomonidan ham jangovar harakatlar olib borishdan voz kechilishi va o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga so‘zsiz rioya qilinishi haqida bormoqda».

«Afg‘onistonning kelgusidagi tinch taraqqiyoti uchun umumiy mas’uliyatni his etgan hamda o‘zbek va afg‘on xalqining azaliy do‘stlik aloqalariga tayangan holda, biz O‘zbekiston hududida tinchlik jarayonlarining istalgan bosqichida Afg‘oniston va «Tolibon» harakati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida. — 

Muxolifat tinch muzokaralarda ishtirok etadigan va milliy kelishuvga erishilgan taqdirda Afg‘onistonning siyosiy hayotiga muxolifatning interatsiyalashuvi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarur bo‘ladi, deya davom ettirdi u.

«Qurolli muxolifat vakillari, jumladan, toliblar ham afg‘on jamiyatining bir qismi va Afg‘oniston fuqarolari sifatida o‘z mamlakati kelajagini belgilash uchun ovoz berish huquqiga ega», — dedi davlat rahbari.

Bu borada mamlakatda parlament va prezidentlik saylovlarigacha bo‘lgan davrda afg‘onlar o‘rtasida o‘zaro muloqotni boshlash va shu tariqa jamiyatning barcha qatlamlari, jumladan, muxolifatdagi kuchlarga ham yangi Afg‘oniston davlatini qurishda to‘laqonli ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratish g‘oyat muhimdir, degan fikrni ilgari surdi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti barcha qo‘shni va hamkor mamlakatlarning sa’y-harakatlari bir-birini takrorlamasligi, balki to‘ldirishi kerakligini ta’kidladi. «Biz bu muammoni hal etish bo‘yicha o‘zaro kelishilgan chora-tadbirlar, yondashuv va mexanizmlarni ishlab chiqishimiz zarur», — dedi u.

«Ishonchim komil, ushbu konferensiyaning o‘tkazilishi, amaliy ruhdagi muloqot va munozaralar, shuningdek, yakuniy Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha amaliy jihatdan ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi va tinchlik jarayonining o‘ziga xos «yo‘l xaritasi"ga aylanadi», — deya ishonch bildirdi O‘zbekiston prezidenti.

«Afg‘onistonning kelajagi xalqaro hamjamiyatning barchamiz uchun umumiy bo‘lgan tahdid va xatarlarga qarshi kurashishga ojiz ekanini ko‘rsatadigan misolga aylanib qolmasligi lozim. Bugun barchamiz birlashib, jafokash Afg‘oniston xalqiga tinchlik va taraqqiyot yo‘lida yordam qo‘lini cho‘zishimiz, uni qo‘llab-quvvatlashimiz har qachongidan ham muhimdir», — deb o‘z nutqiga yakun yasadi Shavkat Mirziyoyev.