O‘zbekiston hukumati va Fransiyaning suv resurslari, chiqindilar va energiya iste’molini boshqarish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi Veolia kompaniyasi Namangan va Toshkentdagi loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qiladi.

Ikki o‘rtada imzolangan memorandumga muvofiq, kompaniya uzoq muddat (25−30 yil) davomida issiqlik va suv ta’minoti (kanalizatsiya) tizimlarini modernizatsiya qilish sharti bilan ularni boshqarishi va ulardan foydalanish, keyinchalik O‘zbekistonga qaytarib berish majburiyatini zimmasiga oladi.

Memorandumlar shartlariga ko‘ra, Veolia to‘rt oy davomida o‘z mablag‘lari hisobidan yuqorida tilga olingan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqadi. Hisob-kitoblar tasdiqlanishi bilan tomonlar loyihalarni boshlashni mo‘ljallagan.

Veolia kompaniyasi tomonidan Toshkent shahri suv ta’minoti (kanalizatsiya) tizimiga va Namangan shahri issiqlik ta’minoti tizimiga innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi natijasida issiqlik energiyasini iste’molchilarga sotishda vujudga kelayotgan suv va issiqlik energiyasi yo‘qotishlari kamayadi, havoga chiqazilayotgan zararli moddalar miqdorining keskin qisqartirish hisobidan ekologik muhit yaxshilanadi; suv (kanalizatsiya xizmatlari) va issiqlik bilan ta’minlashning sifat ko‘rsatkichlari tubdan yaxshilanadi, shu jumladan, eng ko‘p iste’mol qilish davrida suv va issiqlik energiyasi ta’minotining barqarorligi, avariyalarga qarshi tezkor chora ko‘rish va ularni bartaraf etish ta’minlanadi.

Mutaxassislarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, Namangan shahrida issiqlik ta’minoti bo‘yicha loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 24,5 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi, uni eksport qilishdan valyuta tushumi esa yiliga 3,1 million dollarni tashkil etish mumkin.

Toshkent shahrida suv ta’minoti (kanalizatsiya) bo‘yicha loyihani amalga oshirish natijasida 20−30 foiz (yiliga 6,3 milliard so‘mlik) elektr energiyasi iqtisod qilinadi.

Ushbu transmilliy kompaniyaning mamlakatimiz uy-joy kommunal xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihalarda ishtiroki kommunal sohadagi institutsional o‘zgarishlarni boshlab beradi.