Samarqandlik jurnalist Karimberdi To‘ramurod 14 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida magistral yo‘lni tozalashga olib chiqilgan maktab o‘quvchilaridan biri 23 yoshli Diana Yenikeyevaning o‘limi tafsilotlarini yoritganidan so‘ng turli bosim va tahdidlar bo‘layotganini ma’lum qildi.

«Mening o‘zimdan qahramon yo avliyo yasash niyatim yo‘q. Menga suiqasd qilishadigan darajada katta ish ham ko‘rsatganim yo‘q. Ammo siz, aziz FB doshlar, hamkasblar, bir narsani bilib qo‘yishlaringizni istayman: Diana fojeasini yoritganimdan so‘ng turli tahdidlar, g‘arazli, haqoratli qo‘ng‘iroqlar, turli idoralar tomonidan bosimlar, qo‘rqitib qo‘yishlar, cho‘chitib qo‘yishga intilishlar ko‘payib ketdi», — deb yozadi jurnalist o‘zining Facebook`dagi sahifasida.

«„Falon raqamli mashinada yurar ekansiz, mashinalar o‘z-o‘zidan yonib ketadi, portlab ketadi, ustiga KamAZ chiqib ketadi, shunaqa hodisalardan qo‘rqmaysizmi?“ degan tahdidlar bo‘ldi. Qaysi kuni peshin namoziga masjidga piyoda chiqsam, uyimdan chiqqan joyimda bir raqamsiz mashina ustimga haydadi, sal qoldi urib ketishiga. Zo‘rg‘a o‘zimni chetga olishga ulgurdim», — deydi Karimberdi To‘ramurod.

U bo‘lib o‘tayotgan hodisalarni sanab o‘tar ekan, OAV xodimlariga quyidagicha murojaat qildi: «Karimberdi To‘ramurodning mashinasi portlab ketibdi», «mashinasi yonib ketibdi», «mashinasining ustiga KamAZ chiqib ketibdi», «Karimberdi To‘ramurod bedarak yo‘qolibdi», «Karimberdi To‘ramurod o‘z joniga qasd qilibdi», «o‘zini osib qo‘yibdi» yo «o‘zini daryoga tashlabdi», «Karimberdi To‘ramurod yurak yetishmovchiligi tufayli to‘satdan vafot etibdi» degan gaplar chiqsa, «Karimberdi To‘ramurodning yonidan yoki mashinasidan giyohvand modda chiqibdi», «qurol chiqibdi», degan gaplar tarqatilsa, ISHONMANGLAR! Shunday gaplar chiqsa, bu rejalashtirilgan ish bo‘ladi".

Ushbu masalaga oydinlik kiritish uchun «Gazeta.uz» muxbiri Karimberdi To‘ramurod bilan bog‘landi. «Haqiqatdan ham, davlat raqami bo‘lmagan oq Nexia avtomobili ustimga haydadi. Agar yo‘l chetidagi ariqdan bu yoqqa o‘tib qolmaganimda bosardi. O‘tgan kuni kechasi 9:30−10 larda esa bir kishi qo‘ng‘iroq qilib: „Senmi o‘qituvchini himoyachisi, seni onangni falon qilay, ayolingni falon qilay, qizingni falon qilay“, — dedi. Bu odamning kimligini topsa bo‘ladi», — dedi jurnalist.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev Diana Yenikeyeva vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirib, ijtimoiy soha xodimlari mahalliy hokimiyat organlari va boshqarmalar tomonidan hududlarni obodlashtirish ishlariga chiqarilmagani, bundan keyin ham jalb qilinmasligiga viloyat rahbari sifatida so‘z bergan edi.