Prezidentning 24 martdagi qarori bilan O‘zbekistonga import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin majburiy inspeksiyadan o‘tkazish tartiboti bekor qilindi. Hujjat tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatda keng ishtirok etishi uchun teng va qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, savdo operatsiyalarini amalga oshirishda ortiqcha to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish maqsadida qabul qilindi.

Endilikda import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin inspeksiyadan o‘tkazish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. Inspeksiyadan o‘tkazish xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga vakolatli organ tomonidan xalqaro standartlar talablariga muvofiq akkreditatsiya qilingan inspeksiya organlari ega.

O‘zbekistonga import qilinadigan tovarlar sifati, miqdori va narxlarining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKda ro‘yxatdan o‘tgan import kontraktlari shartlariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish uchun javobgarlik import qiluvchining mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatiladi.

Davlat bojxona xizmati organlari markazda ro‘yxatdan o‘tgan import kontraktlari doirasida erkin muomalaga chiqarilgan tovarlarning miqdori va narxlari haqidagi ma’lumotlarni axborot tizimlaridan foydalangan holda Markazga taqdim etadi.

Davlat organlari va tashkilotlariga, shuningdek, tijorat banklariga yuk ortishdan oldin inspeksiyani o‘tkazuvchi inspeksiya organini tanlash haqida import qiluvchilarga tavsiyalar berish taqiqlandi.

Markaz faoliyati sohasi tatbiq etiladigan tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridlarini o‘tkazish (xarid tartibotlarini bajarish, reklama ishlarini tashkil etish, tender va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqalar) bo‘yicha ixtisoslashgan tashkilotni tanlash O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tomonidan o‘rnatiladigan talablarga javob beradigan ixtisoslashgan tashkilotlar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi.