O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 mart kuni AQSH davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennonni qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tomas Shennon Toshkentga «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun AQSH delegatsiyasi rahbari sifatida tashrif buyurdi.

Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyat to‘g‘risidagi fikrlar almashildi. Tomonlar afg‘on mojarosini hal etish bo‘yicha tinch siyosiy jarayonni boshlashni tezlashtirish tarafdori ekani ta’kidlandi.

Afg‘oniston hukumatining ushbu mamlakatda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik jarayoniga qo‘shilishdagi xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklari tasdiqlandi.

Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidenti Donold Trampga Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent anjumanini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Tomas Shennon xalqaro tadbirning o‘tkazilishini o‘z vaqtida qilingan dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi. U O‘zbekistondagi davlat boshqaruvi va fuqarolik jamiyati sohasidagi islohotlarga yuqori baho berdi.