«Toshturma» nomi bilan mashhur 1-son hibsxonasi joylashgan bino va inshootlar buzib tashlanadi. 22 mart kuni O‘zbekiston hukumatining shu haqdagi farmoyishi e’lon qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Yil boshida bu yerda saqlanayotgan sudlanuvchilar va mahkumlar Toshkent viloyatining Zangiota tumanida qurilgan yangi muassasaga ko‘chirilgan edi.

Toshkent shahar hokimligiga mazkur ob’ektni uch oy muddatda buzish va buzishdan bo‘shagan yer maydonini obodonlashtirish va unda barcha infratuzilma ob’ektlari mavjud bo‘lgan zamonaviy xiyobon (dam olish maskani) barpo etish vazifasi yuklandi.

Poytaxtning Yunusobod tumanida joylashgan «Toshturma» 1891 yilda qurilgan edi. Majmua yer osti va yer usti yo‘laklar bilan bir-biriga bog‘langan to‘rtta yerto‘lali binoni o‘z ichiga olgan.

Yangi tergov hibsxonasi prezident qaroriga muvofiq qurilgan bo‘lib, avvalroq IIV xabar berganidek, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradi.