Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Uychi tuman sudi to‘rtinchi marta qonunbuzarlikka qo‘l urgan 26 yoshli O. Akbarovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqdi.

O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmatining xabar qilishicha, u dastlab 2013 yil mart oyida Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi (o‘g‘irlik) bilan sudlangan, ammo yarashuv bilan ish harakatdan tugatilgan. Ikkinchi marta jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy tuman sudining 2013 yil 7 maydagi ajrimiga ko‘ra JK 169-moddasi 2-qismining «g» bandi (xonadonga kirib o‘g‘irlik qilish) sudlanib, O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida"gi 2012 yil 5 dekabrdagi Qarori tatbiq etilib, ayblilik masalasi hal qilinmasdan jinoyat ishi harakatdan tugatilgan.

Davlat tomonidan berilgan imtiyozni qilmishlari uchun imkoniyat deb qabul qilgan shaxs jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudining 2015 yil 9 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra JK 166-moddasining 1-qismi (talonchilik), 25, 169-moddasi 3-qismining «a» bandi, 169-moddasi 3-qismining «a» bandi (takroran o‘g‘irlik qilish), 223-moddasi 2-qismining «v» bandi (qonunsiz chet elga chiqish va O‘zbekistonga kirish) bilan 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.

Ammo O. Akbarovga bu ham kamlik qilgan. 2017 yil 21 avgust kuni soat 23:50 larda O. Akbarov «Uychi vino punkti» binosi oldida fuqaro N. Axunovga tegishli «VAZ-2106» rusumli avtomashinani haydab ketib, Yangiqo‘rg‘on tumani Xo‘jasho‘rkent mahallasida qoldirib ketgan.

Sudda O. Akbarov aybiga iqror bo‘lib, shu kuni mast holatda spirtli ichimliklar do‘koni qarshisida qoldirilgan avtomobilni o‘z yonidagi kalit bilan o‘t oldirib, haydab ketganini tan oldi.

Sud O. Akbarovga nisbatan jazo tayinlashda uning ilgari qasddan sodir etgan jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangani, oxirgi axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tashi davomida qasddan jinoyat sodir etganini qonuniy ravishda jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblab, unga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni lozim topdi.

Sudning 2018 yil 23 yanvardagi hukmi bilan O. Akbarovga JK 267-moddasining 1-qismiga asosan muqaddam tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.