Sakkiz hibsda saqlangan Zulxumor va Mehriniso Hamdamova 20 fevral kuni ozodlikka chiqarildi, deya xabar qildi «Gazeta.uz"ga O‘zbekiston Oliy sudining rasmiy vakili Aziz Obidov.

1960 yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qilgan Zulxumor Hamdamova 2010 yilning 12 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish), 216 (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 244−1- (Jamoat tartibi va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244−2-(Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 6 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2016 yil 22 iyul kuni Zulxumor Hamdamova jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi tomonidan JK 221-modda 2-qism «b» bandiga ko‘ra (jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysinmaslik) 60-modda (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) 3 yil 1 kunga ozodlikdan mahrum etilgan.

2018 yil 20 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudining 2016 yil 22 iyuldagi hukmiga o‘zgartish kiritilib, Zulxumor Hamdamovaga 1 yil 9 oy 15 kun muddatga ozodlikni cheklash jazo turi tayinlandi.

Belgilangan muddat tugagani hisobga olinib, Zulxumor Hamdamova jazoni ijro etish muassasasidan ozod etildi.

1969 yilda tug‘ilgan, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qilgan Mehriniso Hamdamova 2010 yilning 12 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish), 216 (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 244−1- (Jamoat tartibi va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244−2-(Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2016 yil 15 noyabr kuni Mehriniso Hamdamova jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudi tomonidan JK 221-modda 2-qism «b» bandiga ko‘ra (jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysinmaslik) 60-modda (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) 3 yil 2 kunga ozodlikdan mahrum etilgan.

2018 yil 20 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 2016 yil 15 noyabrdagi hukmiga o‘zgartish kiritildi. Mehriniso Hamdamova 1 yil 3 oy 16 kun muddatga ozodlikni cheklash jazo turi belgilandi. U jazo muddatini o‘tagani hisobga olinib jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilindi.