Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida eshak go‘shtini umumiy ovqatlanish shoxobchalariga yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruh qo‘lga olindi, deya xabar qildi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi mediamarkaz «Gazeta.uz».

Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyuta jinoyatlariga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash departamenti Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda «Qoraqushchi» mahallasidagi Ozod Botirov hovlisi ko‘zdan kechirilganida, eshak go‘shti nimtalari va jasadlari aniqlandi.

Hovlida umumiy ovqatlanish shoxobchalariga yetkazish uchun ko‘p miqdordagi eshak go‘shti tayyorlab qo‘yilgan.
Ozod Botirov BahromZokirov va Oybek Muydinov bilan birgalikda eshaklarni 200−300 ming so‘mdan sotib olib, ular go‘shtining har kilogramini 25−30 ming so‘mdan sotgan.

Eshak go‘shti Toshloq tumanidagi «Yagona» kafesida hamda Farg‘onadagi milliy taomlar oshxonasida qozon kabob va boshqa taomlarni tayyorlashda qo‘llanilgan.

«Eshak go‘shti ko‘rinishi, mazasi va hidi bilan mol va qo‘y go‘shtidan farqlanadi. Buni oshpazlar va oshxona xo‘jayinlari bilishgan», — deyiladi xabarda.

Dekabrda ham Toshkentdagi kolbasa sexlaridan birida Xorazmdan keltirilgan eshak go‘shtidan foydalanilgani, shuningdek 10 yil davomida Qashqadaryodan poytaxt bozorlari va go‘sht-kolbasa ishlab chiqaruvchilariga zararlangan go‘sht yetkazib berilgani xabar qilingan edi.