O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjat bank xizmatlari iste’molchilarining huquq va qonuniy manfaatlariga, ayniqsa, hududlarda rioya etish hamda moliyaviy ochiqlikni kengaytirish, shuningdek, xizmat ko‘rsatish madaniyati va bank tizimiga bo‘lgan ishonchni yanada oshirishdagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan.

Kutilayotgan yangilik va o‘zgarishlar

1. Bank xizmatlarining ommabopligini oshirishni ta’minlash va bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish O‘zbekiston Markaziy bankining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Avvalroq MB tuzilmasida Bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish xizmati tashkil etilgan edi.

2. 1 iyuldan tijorat banklari quyidagi sharoitlarni yaratishlari lozim:

  • dastlabki ruxsatlarsiz va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mijozlarga bevosita xizmat ko‘rsatish hududiga to‘sqinliksiz kirish;
  • mijozlarni dastlabki qabul qilish ma’muriyat xodimlaridan ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari to‘g‘risida dastlabki maslahatlarni olish;
  • kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilishning bosqichma-bosqich jarayonini va kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risida xabardor qilish yoki uni berishni asosli rad etish tartibini ko‘rsatgan holda kredit buyurtmalarini shaffoflik asosida ro‘yxatdan o‘tkazish va ko‘rib chiqish uchun sharoitlarni yaratish.

3. Kredit tashkilotlariga quyidagilar taqiqlandi:

  • mikroqarz shartnomalari, shuningdek, lombardlar tomonidan tuzilgan kredit shartnomalari bo‘yicha yillik qarz summasining yarmidan ko‘p miqdorida foizlar hisoblash, komissiya undirish va neustoyka (shtraf, penya), javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash;
  • kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqish, ssuda hisobraqamlariga xizmat ko‘rsatish, kreditlar ajratish uchun to‘lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslar va kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan kreditlar (mikroqarzlar)ni muddatidan ilgari qoplash uchun neustoyka undirish.

4. Tijorat banklariga:

  • bank faoliyatining ilg‘or xalqaro tajribasini o‘rganish va bank xizmatlari va mahsulotlarining yangi turlarini joriy etish;
  • bank xizmatlariga bo‘lgan talab va o‘zini qoplashni inobatga olgan holda bank filiallari va mini-banklari tarmog‘ini kengaytirish;
  • filiallarning kredit ajratishda bosh banklar bilan qo‘shimcha kelishuvsiz mustaqil qarorlar qabul qilish bo‘yicha huquqlarini kengaytirish tavsiya etildi.

O‘zbekiston Markaziy bankiga 2018 yil 1 aprelga qadar O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro to‘lov kartalariga sotib olingan xorijiy valyutani tijorat banklari tomonidan belgilangan limitlar doirasida naqd shaklda yechib olish mexanizmini joriy etish topshirildi.

1 aprelga qadar tijorat banklari bilan birgalikda xorijiy valyutaning oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish va xalqaro to‘lov kartalaridan pul mablag‘larini xorijiy va milliy valyutadagi muddatli omonatlarga o‘tkazishni ta’minlovchi jismoniy shaxslarning hisobvaraqlarini masofadan turib boshqarish tizimini joriy etishi lozim.

7. 1 iyulga qadar mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha hisob-kitoblar ishtirokchilari o‘rtasida axborot va texnologik o‘zaro munosabatlarni ta’minlovchi hamda asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilangan Milliy bank protsessing markazini yaratish Konsepsiyasi ishlab chiqiladi:

  • tranzaksiyalarning xavfsiz va uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlovchi milliy chakana to‘lov tizimini tuzish va rivojlantirish;
  • qulay to‘lov xizmatlarini yaratish va rivojlantirish;
  • naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirishda innovatsion mahsulotlarni, shu jumladan bevosita muloqotsiz va mobil texnologiyalarni rivojlantirish hamda ilgari surish;
  • bevosita muloqotsiz va mobil texnologiyalarni, birinchi navbatda, ijtimoiy-maishiy xizmat ko‘rsatish, transport, savdo, umumiy ovqatlanish sohalarida, ayniqsa, hududlarda joriy etish;
  • xalqaro to‘lov tizimlari bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash.

8. 1 iyulga qadar norezidentlarning to‘lov kartalari barcha to‘lov terminallari tarmog‘i orqali qabul qilinishini ta’minlovchi mahalliy to‘lov tizimlarini asosiy xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiyalash jarayoni tugallanishi lozim.

9. 1 noyabrga qadar turistlar ko‘proq boradigan joylarda kunu-tun rejimda ishlovchi avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari tashkil etilishi zarur.

10. 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda:

  • jamg‘arib boriladigan pensiya tizimidagi fuqarolar uchun hisoblangan mablag‘lar;
  • O‘zbekiston Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga fuqarolarning hisoblangan sug‘urta badallari;
  • soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha hisoblangan qarzdorliklari;
  • identifikatsiyalash uchun jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlari;
  • jismoniy shaxslarning mulki va boshqa olgan daromadlari;
  • yuridik shaxslarning moliyaviy holati to‘g‘risidagi axborotlarni olish imkonini beruvchi davlat organlari va kredit byuro o‘rtasida ma’lumotlarni qayta ishlash va elektron almashish Yagona idoralararo axborot tizimini yaratish belgilandi.