21 mart kuni taxminan 13:50 da Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida «Chirchiq-Yangibozor-O‘rtasaroy» avtomobil yo‘lining 25-kilometrida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida 3 kishi hayotdan ko‘z yumdi va yetti kishi jarohat oldi.

O‘zbekiston IIV matbuot xizmatining xabar qilishicha, 1994 yilda tug‘ilgan N.Sarsenbayev boshqaruvchidagi Lacetti yengil avtomobili qarama-qarshi yo‘nalishda 1986 yilda tug‘ilgan S.Ahmedov boshqaruvidagi Damas miniveni bilan to‘qnashgan.

Damas haydovchisi olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa joyida vafot etgan. Lacetti haydovchisi va Damas yo‘lovchisi J. Tulegenova (1972 yilda tug‘ilgan) shifoxonaga olib borishda hayotdan ko‘z yumgan.

Lacetti avtomobilining bir nafar va Damas minivenining olti nafar yo‘lovchisi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan.