Navro‘z bayrami kunlari Namanganda bitta qozonda 5 tonnalik sumalak tayyorlandi, deya xabar qildi O‘zA.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tayyorlangan og‘irligi 3 tonnalik doshqozon va o‘choq (unda o‘tgan yili rekord palov tayyorlangan edi) o‘rnatilgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida «Sumalak sayli» turizm va milliy qadriyatlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Tadbirga tayyorgarlik 24 fevraldan boshlandi. Tanlov asosida 25 nafar tajribali sumalakchi saralab olindi. Tayyorgarlik jarayonida 1,1 tonna bug‘doy tozalandi va yuvildi, 2,5 tonna un elakdan o‘tkazildi. Bu jarayonlarda 300 nafardan ziyod xotin-qiz ishtirok etdi.

Yuvilgan bug‘doy maxsus tayyorlangan va umumiy yuzasi 112 kvadrat metrdan ko‘proq bo‘lgan 50 xontaxtaga undirgani qo‘yildi. Sumalak pishirishga jalb etilgan 25 nafar ayolning tunu kun navbatchiligi tashkil qilindi. Chunki bug‘doyga ob-havoga qarab har uch soatda suv sepib turish, unish sur’atini boshqarib turish kerak. Aks holda bug‘doy belgilangan kunga zarur darajada unmay qolsa reja barbod bo‘lganidek, muddatidan avval me’yoridan ortiq o‘sib ketgan bug‘doy maysasidan tayyorlangan sumalak taxir bo‘lib qoladi.

19 mart kuni 20:00 da Navro‘z tarixidagi rekord sumalakni tayyorlashga kirishildi. Qiymalagichdan chiqarilgan 5200 litr bug‘doy shirasi katta qozon atrofiga joylashtirilgan 27 ta qozonga solindi. Yuqoridagi masalliqlardan tashqari yana 250 litr o‘simlik moyi va 2,4 ming litr suv ishlatilgan va daryodan maxsus terib kelib yuvib-qaynatib tozalangan tosh solingan sumalak 24 soat qaynadi. 21 mart — Navro‘z tongida obdon dam yedirish uchun o‘rab qo‘yilgan qozon o‘ramasi ochildi.

Sumalakning uchdan bir qismi viloyatdagi Mehribonlik, Saxovat uylari, shifoxonalar va kam ta’minlangan oilalarga yetkaziladi. Bundan tashqari, sayilga kelgan mehmonlar va bayram ishtirokchilari ham bahor taomidan bahramand bo‘lishadi. Ularga shu maqsadda tayyorlab qo‘yilgan 15 mingdan ziyod bir martalik idishlarda sumalak tarqatiladi.