O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi boshqa mahkama va tashkilotlar bilan hamkorlikda fevraldan buyon tug‘uruqxonadan chiqish marosimlaridagi ortiqcha dabdababozliklarning oldini olish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

«Bola salomatligi, kelajagi, ertangi hayoti uchun uning tug‘uruqxonadan qanday avtomashina, ertak qahramonlariyu, karnay-surnay bilan chiqishi emas», — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.

Qabul qilingan rejaga muvofiq, tibbiyot xodimlari fuqarolar bilan suhbatlar olib bormoqda, dedi vazir. «Tibbiyot muassasalarida akusher-ginekologlar, oila shifokorlari, patronaj hamshiralar bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Homilador ayollar, qaynona-qaynotalar bilan alohida targ‘ibot ishlari o‘tkazilmoqda».

«Chaqaloq dunyoga kelishi bilan o‘tkaziladigan ortiqcha dabdababozlikdagi marosimlarning yangi tug‘ilgan go‘dak va ona sog‘ligiga salbiy ta’siri tibbiy nuqtai nazardan tushuntirilmoqda. Ayniqsa, chaqaloq tug‘ilgach, dastlabki qirq kun ona va bola sog‘ligi uchun eng muhim palla ekani, bu muddat ichida qarindosh-urug‘larning yo‘qlovi ham ular salomatligiga salbiy ta’sir qilishi haqida suhbatlar o‘tkazilmoqda», — dedi Alisher Shodmonov.

U ushbu targ‘ibotlar natijasida mingga yaqin yosh oilalar tug‘ruq majmuasidan chiqish jarayonlarini ixcham, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliklarsiz, milliy urf-odatlar bo‘yicha o‘tkazganini ta’kidladi.