17 mart kuni maktabgacha ta’lim muassasalarini o‘yinlar, o‘yinchoqlar, mebellar, inventarlar va boshqa texnik vositalar bilan ta’minlash me’yorlari tasdiqlandi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Unga muvofiq, bolalar bog‘chalarida jismoniy chiniqish va yassioyoqlik profilaktikasi uchun yo‘lakchalar tashkil etilishi, relaksatsion o‘rindiq, retsirkulyatorlar (havoni zararsizlantirish uchun uskunalar) va sterilizatorlar o‘rnatilishi lozim.

Aqliy rivojlantirish uchun «Bank», «Pochta», «Ferma» va «Avtomobillar uchun turargoh» o‘yin markazlari, ijodkorlikni rivojlantirish uchun esa ko‘p vazifali sahnalar va tasviriy faoliyat burchaklari tashkil etilishi lozim.

Bundan tashqari, har bir bolalar bog‘chasi hududi va o‘yin maydonchalariga ota-onalar bolalarini internet orqali kuzatishlari uchun videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi.