Poytaxtdagi «Sergeli» (avtomobil) va «Yangiobod» bozorlarini Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumaniga ko‘chirish rejalashtirilmoqda, deya xabar qildi «Toshbozorsavdo» uyushmasi vakili «Gazeta.uz"ga.

Avtobozorni Sergeli tumanidan ko‘chirish masalasi aholiga tug‘dirayotgan noqulaylik bilan asoslanmoqda. Bozor turar joy mavzelarini shahar markazi bilan bog‘lovchi yo‘lda tirbandliklarni keltirib chiqarmoqda. «Yangiobod» bozori esa uning o‘rnini «Yashnobod» innovatsion texnoparki egallashi munosabati bilan ko‘chirilmoqda.

Avvaliga bozorlarni poytaxt viloyatining Chinoz tumaniga ko‘chirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan edi. Biroq hozirda buning uchun Yuqori Chirchiq tumani «Navro‘z» mahallasidagi 50 ga maydon taklif qilinmoqda, deya ma’lum qildi uyushma vakili.

«Toshbozorsavdo"ga zarurat tug‘ilganda yangi joyga ko‘chish uchun tadbirkorlarni yuk mashinalari va ishchi kuchlari bilan ta’minlash vazifasi topshirildi.

Toshkent hokimiyati vakili «Gazeta.uz"ga bozorlarni ko‘chirish uchun takliflar ichidan aynan Yuqori Chirchiq varianti tanlab olinganini tasdiqladi. Hozirda u yerda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. «Aniq Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi, biroq qachonligi hozircha noma’lum», — dedi poytaxt ma’muriyati vakili.

«Sergeli» avtomobil bozori maydoni 23,7 ga, «Yangiobod» bozori esa 15,1 ga ni tashkil etadi.