«Gazeta.uz» muallifi Nikita Makarenko mahalliy aholi O‘zbekiston bilan chegaraning ochilishini qanday qarshi olgani va barcha uchun umumiy bayram hisoblangan Navro‘z qanday nishonlanayotganiga guvoh bo‘lish uchun Tojikistonga bordi.

Navro‘z arafasida O‘zbekiston va Tojikiston aloqalarida kuzatilgan tarixiy hodisani, ehtimol sayyoramizning qolgan qismidagi odamlar payqamagan bo‘lishlari mumkin. Payqaganda bo‘lardi — axir hozirda Yer kurrasida chegaralarda devorlar qurilmoqda, sobiq ittifoqdoshlar va do‘stlar bir-biridan uzoqlashmoqda.

O‘n sakkiz yarim yil mamlakatlarimiz o‘rtasida viza rejimi amal qildi. Ushbu tartib 2000 yil sentyabrida o‘rnatilgan edi. Savdo-sotiq to‘xtadi, o‘zaro turizmga chek qo‘yildi. Eng asosiysi, minglab odamlar bir-biridan ajratib yuborildi. Sobiq ittifoq davrida odamlar respublikalar o‘rtasidagi shartli chegaralarga e’tibor qilmasdan, oila qurishgan edi.

«Tojikistonda ko‘plab bekobodliklarning qarindoshlari bor. Menda ham. O‘z akamni 2003 yildan beri ko‘rganim yo‘q. Qancha qarindoshlar bir-birini ko‘ra olmasdan vafot etishmadi?» — deydi meni chegaragacha eltib qo‘ygan taksichi Dilshod.

Keksa dushanbeliklar Opera va balet teatri qarshisida Navro‘z bayramiga tayyorgarlikni kuzatishmoqda. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Uzoq yillar davomida O‘zbekiston va Tojikiston bir-biriga qo‘l niqtab keldi. Savdo blokadasi, minalar, suv atrofidagi mojarolar… O‘sha davrlarni eslashni-da istamayman.

Yillar davomida qor uyumlari kabi yig‘ilgan muammolarni sanoqli oylardagina hal etish mumkin ekan. Faqat xohish va siyosiy iroda bo‘lsa yetarli ekan. Va ular prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmonda topildi. 19 martdan o‘zbekistonliklar va tojikistonliklar uchun chegaralar ochildi. Ortiq viza kerak emas — yangi davr boshlandi!

Shavkat Mirziyoyev davrida O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi tashqi siyosati men kabi har narsaga ishonchsizlik bilan qarovchi insonlarni ham ta’sirlantirmoqda. Hammasi qoida bo‘yicha: chegaralar ochilishi kerak, odamlar bir-biri bilan do‘stlashishi lozim. Bularning bizning vaqtimizda, bizning hayotimizda sodir bo‘layotgani qanchalar yaxshi.

Navro‘z ramzi bo‘lgan ko‘kartirilgan bug‘doy Dushanbeda bayram dasturxonini bezamoqda. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Chegaradagi «Oybek» postidan sanoqli daqiqalarda o‘tdim: har ikki tomon chegarachilari xushmuomala, hech qanday deklaratsiya va migratsion kartalar yo‘q. Narigi tomonda meni yo‘lovchilarni o‘zining eski «Opel"ida Xo‘jandgacha tashuvchi Komil ismli taksichi kutib oladi.

«Men juda baxtiyorman. Axir avval qanday yashagan edik? Bu noto‘g‘ri edi. Qo‘shnichilikka to‘g‘ri kelmasdi. Biz aka-uka, opa-singillarmizku. Endi ahil yashaymiz va bir-birlarimiznikiga boramiz. Sizning prezidentingiz Mirziyoyev — yaxshi inson, uning qalbi pok. Bizda u kishini juda yaxshi ko‘rishadi», — deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi Komil.

Qizlar 20 mart kuni Xo‘jand shahar maydonida raqsga tushishni mashq qilmoqda. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Xo‘jandda Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan ekan. Raqs tushayotgan qizlarga nazar tashlayman — bizning qizlardan hecham farq qilmaydi. O‘sha liboslar, xuddi o‘sha raqs, o‘sha-o‘sha musiqa. Menga so‘z qotishadi: «Xorijiy, xorijiy». Ularga javob qilaman: «Xorijiymas, qo‘shni!»

Dushanbegacha yo‘lda taksidagi barcha yo‘lovchilar O‘zbekiston yangiliklaridan hayratlanib, katta qiziqish bildiradi:

— Novosibirskka Toshkent aeroporti orqali uchaman endi. Shunday qilsam Dushanbega qaraganda arzonroqqa tushadi, — deydi hamrohlarimdan biri.

— Qarang, ana o‘zbek raqamidagi Lacetti ketayapti — avval hech qachon «sizlarning» mashinalaringizni ko‘rmagandim, — hayratlanadi haydovchi.

— Isfarada savdogarlar Farg‘ona vodiysidan tovar olib kelishdi. Guruchni uch somoniydan sotishdi! Bizda u o‘n somoniy turadi! Endi mahsulotlar arzon bo‘lishi kerak, — deya umid bildiradi boshqa yo‘lovchi.

Bolalar Dushanbedagi Navro‘z tantanalarida favvora tomchilarini tutmoqda. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Men eski do‘stim bilan uchrashishga oshiqaman — avvallari viza uchun 100 dollarga yaqin pul sarflab, uni olish uchun oylab kutishimga to‘g‘ri kelar edi. Ikkimiz ham u vaqtlar ortda qolganidan xursandmiz.

Erta tongdan Dushanbedagi asosiy bayram tantanalari bo‘lib o‘tadigan Opera va balet teatri tomon otlanaman. U yerda ham Xo‘janddagi kabi manzara — pomirliklarning qizil bosh kiyimlari va kamzullarini aytmaganda hammasi o‘zimizdagidek. Favvoralar, karnaylar, surnaylar, sumalak, taomlar ko‘rgazmasi, sahnadagi raqslar.

Qizlar Dushanbedagi Navro‘z bayramida musiqachilar va raqqoslar chiqishlarini tomosha qilmoqda. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Do‘ppilar ham xuddi o‘shanday. Oq-qora erkaklar do‘ppisi va gulli ayollar do‘ppilari. Hech qanday farq yo‘q.

Fleshbek. 2013 yilning 13 marti. Xotiramdagilarni jonlantiraman, yonimda diktofon yo‘q edi:

Uchastka noziridan qo‘ng‘iroq: «Nikita, zudlik bilan uchrashishimiz kerak». Yaxshi. Yo‘lga otlanaman. Uchastkada fuqarolik kiyimidagi erkak kutib oladi.

— Siz oxirgi paytda uch marta Tojikistonga bordingiz. Nima uchun?

— U yerda do‘stlarim bor. Sizning ismingiz nima?

— Meni Alisher Salomov deb chaqiring. Bu juda shubhali. Tojikistonga safar ma’qullanmaydi. U yerda kimlar bilan tanishsiz? Familiyalarini ayting. Rog‘un GESida bo‘ldingizmi?

— Yo‘q.

— Vaqti-vaqti bilan uchrashib, bizga ko‘proq narsalarni aytib berishingizni taklif qilaman.

— Yo‘q, men siz bilan boshqa uchrashishni xohlamayman.

— O‘zingizdan ko‘ring. Chiqish vizangiz bizga bog‘liq. Siz ozodsiz.

Xayr, Alisher. Do‘stlik g‘alaba qozondi. Siz esa yutqazdingiz.

Matn va foto: Nikita Makarenko.