Toshkent metropolitenining O‘zbekiston yo‘nalishidagi «Beruniy» metro bekatida poyezd ostiga o‘zini tashlagan ayol shaxsi aniqlandi.

Poytaxt metropolitenidan «Gazeta.uz"ga xabar qilishlaricha, M. A. da (1978 yilda tug‘ilgan) ruhiy buzilish aniqlangan.

Ayni paytda u Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi travmotologiya bo‘limida «bosh miyaning yopiq jarohati, miyaning chayqalib lat yeyishi, qorin sohasida yumshoq to‘qimalarning lat yeyishi kabi tashhislar bilan davolanmoqda.

Hodisa 19 mart kuni 18:58 da sodir bo‘ldi. U xalati va shippakdagi ayol poyezd tunneldan so‘nggi bekatga kirib kelayotgan vaqtda temir izlarga sakragan.

Xuddi shunga o‘xshash holat 23 fevral kuni 18:00 da Mirzo Ulug‘bek bekatida ham sodir bo‘lgan — 29 yoshli ayol o‘z joniga qasd qilishga uringan edi.