Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini 21 mart kuni nishonlanadigan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Tabrik milliy televideniye orqali translyatsiya qilindi.

«Jonajon yurtimiz — O‘zbekistonimizga yasharish, bahor va go‘zallik bayrami — Navro‘zi olam kirib kelmoqda. Ana shu qutlug‘ ayyom — Sharqona yangi yil bilan siz, muhtaram otaxon va onaxonlarni, munis opa-singillarimiz, suyukli farzandlarimiz, butun xalqimizni chin yurakdan samimiy muborakbod etaman. Qalblarimiz shodlik va quvonchga to‘lgan mana shu nurli lahzalarda barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga baxtu saodat, fayzu baraka tilayman», — dedi davlat rahbari tabrikda.

«Navro‘z falsafasi, Navro‘z qadriyatlari — odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, keksalarga hurmat, muhtoj insonlarga e’tibor va yordam ko‘rsatish, adolat va xalqparvarlik faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda», — dedi u.

«Biz eng avvalo onalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz, butun xalqimizni rozi qilishni o‘z oldimizga ezgu vazifa qilib qo‘yganmiz. Va bu oliy maqsadga albatta erishamiz. Shunda hayotimiz yanada obod va farovon, buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har kunimiz Navro‘z bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U Birlashgan Millatlar Tashkilotining qaroriga muvofiq Navro‘z bayrami xalqaro miqyosda keng nishonlanayotganini eslab o‘tdi.

«Haqiqatan ham, bu betakror bayram barcha ezgu niyatli insonlarni birlashtiradi, ularning qalbida eng go‘zal va olijanob tuyg‘ularni uyg‘otadi. Shu bois ham, Navro‘zi olam mustaqillik yillarida, millati, tili va dinidan qat’i nazar, diyorimizda yashayotgan barcha yurtdoshlarimizning ardoqli va sevimli bayramiga aylandi», — dedi davlat rahbari.


Bu yil Toshkentda asosiy Navro‘z tantanalari «O‘zekspomarkaz"da bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev har bir viloyatning badiiy dasturlari bilan tanishib chiqib, odamlar bilan suhbatlashdi.