O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 mart kuni nafaqat Toshkentdagi, balki Samarqanddagi Navro‘z bayrami tantanalarida ham ishtirok etdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Samarqandda Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida viloyat salohiyati, shahar va tumanlar urf-odat va qadriyatlarini namoyish etuvchi taqdimot hamda ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Prezident jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi va barchani bayram bilan tabrikladi. U bog‘da yaqindagina o‘rnatilgan Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy haykallari poyiga gullar qo‘ydi.
Tantanalarda Tojikistondan tashrif buyurgan mehmonlar ham qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev ular bilan suhbatda ajdodlarning ma’naviy merosi ikki davlat xalqlari uchun umumiy ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.