21 mart, Navro‘z bayrami kuni Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Samarqandga tashrif buyurdi. Qo‘shni mamlakat rahbarini O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

O‘tgan yili Navro‘z kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan borgan edi. Bu yil Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston xalqini Navro‘z bilan tabriklash maqsadida Samarqand shahriga tashrif buyurdi, deyiladi xabarda.

Ikki davlat rahbarlari Samarqand Forumlar majmuasida suhbat o‘tkazdi. Ular bir necha kun avval — 16 mart kuni Ostonada Qozog‘istonda O‘zbekiston yili ochilishi marosimida uchrashishgan edi.

Prezidentlar mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi samimiy munosabatlar har qachongidan ham mustahkamlanib borayotganini qayd etib, chegaralardagi yengilliklar ikki mamlakat xalqlarining o‘zaro bordi-keldisi uchun keng yo‘l va imkoniyatlar ochgani, bunda eng katta maqsad bo‘lgan xalqlarimiz roziligiga erishilganini ta’kidladilar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati yuqori baholandi, uni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Nursulton Nazarboyev va Shavkat Mirziyoyev Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Birinchi Prezidentimiz qabriga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Qur’on tilovat qilindi.

Qozog‘iston Prezidenti davlat rahbari hamrohligida Samarqandning diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.