18 mart kuni O‘zbekiston FVVga Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Uchbov qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 1996 yilda tug‘ilgan To‘lg‘inoy ismli qizning bedarak yo‘qolgani to‘g‘risidagi murojaat kelib tushdi.

Qiz yo‘qolgan hududga zudlik bilan «Chimyon» qutqaruvchilar otryadi qutqaruvchilari yetib bordi. Qutqaruvchilar qidiruv ishlarini olib borib, tana qismiga ko‘plab jarohat yetgan fuqaroni topishga muvaffaq bo‘lishdi, deya xabar berdi FVV matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, jabrlangan fuqaro tog‘ yonbag‘rida sayr qilish jarayonida ehtiyotsizlik tufayli sirpanib ketib, taxminan 4 metr balandlikdan qulab tushgan. Buning oqibatida, o‘ng oyog‘ida ochiq sinish, o‘ng qo‘li va chap oyog‘ida sinish holatlari, shuningdek, bosh qismida ham jarohat kuzatilgan.

O‘z vaqtida yordamga kelgan qutqaruvchilar tezda jabrlangan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bilan birga, uni havfsiz hududga evakuatsiya qilib, tez yordam xodimlariga topshirdi.

Hozirgi vaqtda jabrlanuvchining ahvoli — o‘rta darajada.

FVV fuqarolardan tog‘li hududlarda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni so‘rab murojaat qildi.