Toshkentda yo‘l-patrul xizmati xodimi avtomobilini piyodalar o‘tish joyiga to‘xtatib turgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda poytaxt YHXB saytida xabar qilindi.

Davlat raqami 01 562 VSF bo‘lgan Nexia rusumli patrul mashinasi «Piyodalar o‘tish joyi» belgisi ostida turgani tasvirlangan fotosurat ijtimoiy tarmoqda e’lon qilindi.

Ushbu xabar yuzasidan tekshiruv ishlari olib borildi. Yo‘l harakati qoidasini buzgan patrul post brigadasi haydovchi xodimiga nisbatan O‘zbekiston Respulikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 1286−1 moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, eng kam ish haqining 3 barobari miqdorida (bugungi kunda — besh yuz o‘n olti ming yetti yuz yigirma so‘m) jarima tayinlandi.

IIBBning qayd etishicha, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qonunchilik, xizmat intizomining buzilishi holatlari aniqlanganda, amaldagi qonunchilikda belgilangan jazo choralari ko‘riladi.

«Har bir ichki ishlar idoralari xodimi sodir etgan xatti-harakati uchun fuqarolar bilan teng huquqlilik asosida ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilib bu haqida ijtimoiy tarmoq va ommaviy axborot vositalari orqali yoritib borilishini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.

IIBB YHXB fuqarolik faolligi uchun minnatdorchilik bildirib, huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar to‘g‘risidagi berilgan xabarlarga asosan qonuniy choralar ko‘rilishini ma’lum qildi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikr qoldirishda axloq-odob qoidalariga rioya qilinishi so‘raldi.

Eslatib o‘tamiz, YHQ buzilishiga oid fotosuratlar va videoyozuvlarni Toshkent IIBB YHXB sayti orqali yuborish mumkin.