19 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni Prezident saylovida erishgan ishonchli g‘alabasi bilan qutladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbarining qutlovida bo‘lib o‘tgan saylov natijalari Vladimir Putin rahbarligida amalga oshirilayotgan har tomonlama o‘ylangan, Rossiya jamiyatini birlashtirish, odamlar turmush darajasini yuksaltirish, iqtisodiyot, infratuzilma va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, davlat suverenitetini qat’iy himoya qilish va Rossiya Federatsiyasining jahonda muhim o‘rin tutgan davlat sifatidagi rolini mustahkamlashga qaratilgan siyosatga Rossiya xalqi tomonidan ulkan ishonch bildirilayotgani va har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyish etgani qayd etilgan.

Tomonlarning yaqin muloqoti, siyosiy irodasi hamda amaliy hamkorlikni tubdan kengaytirishga birdek intilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlagani alohida ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

Vladimir Putin yakshanba kuni Rossiya prezidenti saylovida 99,5 foiz byulletenlar ko‘rib chiqilganidan so‘ng 76,66 foiz ovoz to‘pladi.