Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev Kattaqo‘rg‘on tumanida 23 yoshli maktab o‘qituvchisi Diana Yenikeyevaning yuk mashinasi urib ketishidan vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

«Gazeta.uz"ning viloyat hokimiyati matbuot xizmatidan olgan izohida ma’muriyat rahbari ushbu hodisa xolis surishtirilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanishiga ishonch bildirdi.

Sodir bo‘lgan voqea yo‘llarda xavfsizlikni kuchaytirish zaruriyatini bildiradi, dedi u. «Har bir inson hayoti biz uchun o‘ta muhim», — deya ta’kidladi Turobjon Jo‘rayev.

«Ijtimoiy soha xodimlari mahalliy hokimiyat organlari va boshqarmalar tomonidan hududlarni obodlashtirish ishlariga chiqarilmagan va bundan keyin ham jalb qilinmasligiga viloyat rahbari sifatida so‘z beraman», — dedi hokim.

Turobjon Jo‘rayev Samarqand viloyati hokimiyati va shaxsan o‘z nomidan Diana Yenekeyevaning fojiali o‘limi tufayli chuqur hamdardlik izhor etdi va vafot etgan ayolning oila a’zolariga ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatilishiga va’da berdi.

Hokim baxtsiz hodisaning davlat rahbarining viloyatga tashrifi bilan bog‘lab ommaviy axborot vositalarida turli xabarlar va munosabatlar bildirilayotgani noxolis talqin hisoblanishini va haqiqatga mos kelmasligini ta’kidlab o‘tdi. «Shu munosabat bilan, jamiki ommaviy media vakillarini ushbu holatni yoritishda xolisonalikka rioya qilishga, bir tomonlama yondashuvdan qochishga chaqiramiz», — dedi u.

Yakshanba kuni Kattaqo‘rg‘on tumani hokimiyati va viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi o‘qituvchilar yo‘l tozalashga olib chiqilmaganini ma’lum qildi. Vafot etgan o‘qituvchining hamkasblari esa buning teskarisini aytgan edi.