Kattaqo‘rg‘on tumani hokimiyati va Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi 23 yoshli o‘qituvchi Diana Yenekeyevaning o‘limi munosabati bilan rasmiy izoh berdi.

«O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari, jumladan Diana Yenikeyeva ham hech qanday yo‘l chetini tozalash, supurish uchun chiqarilmagan», — deyiladi Kattaqo‘rg‘on tuman hokimining o‘rinbosari M.Muzaffarov hamda Samarqand viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Q.Saidov nomidan jo‘natilgan munosabatda.

Izohda «bahor faslidagi obodonlashtirish va ko‘kalamlashtirish ishlarining amalga oshirilishi barcha joyda bajariladigan yumush» ekani aytilib, shahar-tumanlar markazi, mahallalar, guzarlardagi xiyobonlar, ko‘chalar atrofi va ariqlar chetlari tozalanishi, daraxt va gul ko‘chatlari ekilishi bor gapligi ta’kidlanadi.

«Mamlakatda mart-aprel oylari obodonlashtirish oyligi, deb e’lon qilingani ham „Tozalik bor joyda, baraka bor“ naqlining amaliy ifodasidir. Lekin bu ezgu harakatni „Prezident kelishi oldidan ko‘cha tozalashga majburlash“, deb tushunish noto‘g‘ri», — deyiladi izohda.

«Qolaversa, bunday ishlar joylardagi obodonlashtirish boshqarmasining xodimlarining vazifasiga kiradi. Ta’lim muassasalarida esa o‘qituvchilar emas, balki xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas’ul xodimlar, bog‘bonlar shug‘ullanadi», — deydi tuman hokimi o‘rinbosari va viloyati XTB boshlig‘i o‘rinbosari.

«Shu nuqtai nazardan, Kattaqo‘rg‘onda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa, yosh pedagog Diana Yenikeyevaning o‘limidan chuqur qayg‘uda ekanimizni bildirgan holda, bu hodisani boshqa holatlarga bog‘lab talqin qilish, ommaga xolis turib yetkazmaslik internet tarmog‘idan foydalanuvchilar o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otishga sabab bo‘ladi, deb hisoblaymiz», — deya izohga yakun yasaladi.

Rasmiy vakillarning ma’lum qilishicha, mazkur holat yakuni bo‘yicha ma’lumot jo‘natiladi. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.