Samarqandda Navro‘z bayrami munosabati bilan uzunligi 5 km bo‘lgan ikkinchi «Vokzal-Siyob bozori» tramvay tarmog‘i foydalanishga topshirildi, deya xabar qildi O‘zbekiston temir yo‘llari" kompaniyasi matbuot xizmati.

Liniyada 18 ta bekat bo‘lib, 8 ta tramvay vagoni 7 daqiqa oraliqda harakatlanadi. Tarmoqni yanvarda ishga tushirish rejalashtirilgan edi, biroq ortga surildi.

Samarqandda tramvaylar harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi o‘tgan yilning aprelida O‘zbekiston prezidenti tomonidan ilgari surilgan edi. Birinchi liniyaning uzunligi 6,4 km bo‘lib, vokzalni Sartepa mavzesi bilan bog‘laydi.

Tramvaylar harakati uchun 6 ta elektrostansiya qurildi. Ro‘dakiy va Gagarin ko‘chalari chorrahasida tramvay deposi joylashgan.

Tramvaylar parki 21 mashinadan tarkib topgan. Istiqbolda yana 42 ta vagon yetkazib berish rejalashtirilgan.

Endigi navbatda Narpay ko‘chasidan Kimyogarlar shaharchasiga bo‘lgan 8,6 km masofaga temir yo‘l yotqizish belgilangan.

Samarqandda tramvay tizimi 1947 yildan 1973 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan. 2016 yil mayida esa Toshkentda 100 yildan ziyod vaqt faoliyat ko‘rsatgan tramvay harakati to‘xtatilgan edi. Poytaxtdagi vagonlar Samarqandga yetkazib berildi.