O‘zbekiston prezidenti 6 mart kuni psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasidagi ishlar holatini kompleks o‘rganish aqliy rivojlanishdagi buzilishning sabablari va shart-sharoitlarini erta aniqlashga, tibbiy xizmatlarning sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi qator tizimli kamchilik va muammolar mavjudligini aniqladi.

Xususan, psixiatriya muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, shaxs ruhiy sog‘lig‘ining hisobini yuritish, uning tekshiruvdan o‘tkazilishini tashkil etish, sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini o‘z vaqtida ko‘rish maqsadida psixiatriya xizmatini boshqarish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish talab qilinadi.

Psixiatriya muassasalarida vrach-psixiatrlarning keskin yetishmasligi kuzatilmoqda, bu esa bemorlarga barcha zarur xizmatlar turlarini ko‘rsatish, ularning ehtiyojlarini qondirish, mazkur sohadagi xususiy tibbiyotni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida rivojlantirishga imkon bermayapti.

Aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  1. davolash, profilaktika ishlari va ruhiy holatning buzilishini erta aniqlashni tashkil etishning vertikal yaxlit tizimini shakllantirishni ta’minlash orqali psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini samarali boshqarish mexanizmini joriy etish;
  2. mamlakatning har bir aholi punktida aholining barcha toifalari, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar uchun sifatli va qulay psixiatriya yordami ta’minlash, shuningdek, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash uchun dori vositalariga sarflanadigan xarajatlarning yagona majburiy normativlarini belgilash;
  3. aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, psixiatriya muassasalarining vrach-psixiatrlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularning malakasini muntazam ravishda, shu jumladan, xorijning yetakchi klinikalari va tibbiyot tashkilotlarida oshirib borish;
  4. O‘zbekiston psixiatriya xizmati muassasalarining ayrim funksiyalarini sog‘liqni saqlashning xususiy sektoriga o‘tkazish, aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun investitsiyalar jalb qilish;
  5. o‘z joniga qasd qilishga uringan shaxslarga tunu kun shoshilinch yordam ko‘rsatilishini ta’minlash, shu jumladan, o‘z joniga qasd qilishning asl sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, o‘z vaqtida ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish, o‘z joniga qasd qilishning har bir holati haqida psixiatriya muassasalarini zudlik bilan xabardor qilish;
  6. psixiatriya sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni faollashtirish va boshqalar.

1 maydan boshlab xususiy tibbiyot tashkilotlariga ruhiy holat buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha aholiga ayrim xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston xususiy amaliyot vrachlari uyushmasi bir oy muddatda ruhiy holati buzilishini va xulq-atvor buzilishini tashxis qilish va davolash bo‘yicha xususiy tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.

1 oktyabrdan boshlab dispanser kuzatuvi ostidagi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, ularning psixiatriya muassasalarida qancha muddat bo‘lganliklari, berilgan dori vositalari, ko‘rsatilgan ijtimoiy xizmatlar va taqdim qilingan imtiyozlardan iborat bo‘lgan, shuningdek, bu sohadagi ishlarning holati to‘g‘risida tezkor axborot olish imkonini beruvchi ushbu shaxslarning yagona elektron reyestri yuritiladi.

1 apreldan boshlab ichki ishlar organlari o‘z joniga qasd qilingan har bir holat to‘g‘risida psixiatriya xizmati muassasalariga zudlik bilan xabar berishi belgilab qo‘yildi. Bu kabi holatlar tizimli ravishda o‘rganilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi hay’at majlislarida muhokama qilib boriladi.

Ruhiy holati buzilgan shaxslarning, shu jumladan, nogironlarning mehnat terapiyasi, ularni yangi kasblarga o‘qitish va ishga joylashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi psixiatriya muassasalari hududida davlat-xususiy sheriklik shartlarida davolash-ishlab chiqarish korxonalari tuziladi. Davolash-ishlab chiqarish korxonalari 2018 yil 1 iyuldan 2023 yil 1 yanvargacha yer solig‘i, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i va mulk solig‘idan, shuningdek, yagona soliq to‘lovidan ozod qilinadi.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab davlat granti asosida «psixiatriya» yo‘nalishi bo‘yicha magistrlarni tayyorlash yuzasidan oliy tibbiyot ta’lim muassasalariga, jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasiga — 15 nafar, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Samarqand davlat tibbiyot institutiga — 10 nafardan qabul kvotalari oshiriladi.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Andijon davlat tibbiyot institutlarida bazaviy tibbiyot ma’lumotiga ega bo‘lgan vrachlar uchun ularning o‘rtacha oylik ish haqini saqlagan va xizmat safari xarajatlarini qoplagan holda «psixiatriya» va «suitsidologiya» yo‘nalishlarida ixtisoslashuv kurslari tashkil qilinadi.