16 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tuman sudida sudlanuvchilar muqaddam Toshkent yuridik kolleji direktori lavozimida ishlagan Natalya Temirova va Toshkent yuridik kollejining sobiq ish yurituvchi kotibi hamda va xodimlar bo‘limi inspektori Abdulazizjon Salimjonovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi boshlandi.

O‘zbekiston Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidovning «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, Natalya Temirova O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 28 orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish), 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni va boshqalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) va 238-moddasida (yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Abdulazizjon Salimjonov esa JKning 168-moddasi (firibgarlik), 28 orqali 211-moddasi (pora berishga qiziqtirish) va 28 orqali 209-moddasida (mansab soxtakorligiga ko‘maklashish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Davlat ayblovchisi — Toshkent shahar Uchtepa tumani prokurori o‘rinbosari Baxtiyor Yusupov ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

Dalillarni tekshirish tartibi belgilandi. Bu jarayon davomida sudlanuvchilar, fuqaroviy da’vogar, guvohlar va mutaxassislarning ko‘rsatmalari tinglanadi, shuningdek, ushbu ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar tekshiriladi.

Sud jarayoni davom etmoqda. Sudning keyingi majlisi 26 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 6 oktyabr kuni kollej hududida uch nafar o‘quvchi o‘rtasida janjal kelib chiqqan, natijada ulardan biri boshqa ikki o‘quvchiga pichoq bilan tan jarohatlarini yetkazgan edi. Jarohatlanganlar shifoxonaga yotqizilgan, biroq shifokorlarning urinishlariga qaramasdan bir o‘quvchi — Asadbek Parpiboyev hayotdan ko‘z yumgan.