Juma, 16 mart kuni Samarqand aeroportiga Turkish Airlines avikompaniyasining birinchi tijoriy reysi qo‘ndi. Turk tashuvchisi Istanbulga seshanba va juma kunlari doimiy reyslarni amalga oshiradi.«Istanbul-Samarqand» reysining birinchi yo‘lovchilari trapdan tushib kelmoqda. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Mehmonlar tantanali ravishda kutib olindi: marosimda Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ahmet Bashar Shen va Turkish Airlines bosh menejeri Bilal Ekshi ramziy tasmani kesib, o‘zbek milliy shirinliklaridan tatib ko‘rishdi.

Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Reys O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi turk sayyohlari oqimini oshirishi mumkin. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining «Gazeta.uz» qo‘lga kiritgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda O‘zbekistonga 55238 nafar Turkiya fuqarosi tashrif buyurdi, ularning 25281 nafari yoki yarmidan kamrog‘i turizm maqsadida kelgan.

«Istanbul-Samarqand» reysining ilk yo‘lovchilari Samarqand xalqaro aeroportida. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

Samolyot (Boeing 737−800 (738)) Istanbuldan 6:00 da uchib kelib, Samarqanddan 13:50 da uchib ketdi. Kelgusi yildan Turkiyaga Buxorodan ham uchish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

«Ikki kun muqaddam biz o‘zbek rasmiy shaxslari bilan O‘zbekistondagi faoliyatimizni kengaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bordik. Biz parvolar sonini oshirib, shaharlar tarmog‘ini kengaytiramiz. Tez orada biz Buxoroga uchishni boshlaymiz. Chunki Buxoro bizning shaharlarimiz tarixida juda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, jozibador turistik yo‘nalishlardan hisoblanadi», — dedi Turkish Airlines bosh menejeri Bilal Ekshi «Gazeta.uz"ga.

Turkish Airlines bort kuzatuvchilari Samarqand aeroportida. Foto: Nikita Makarenko / «Gazeta.uz».

"Samarqand-Istanbul" yo‘nalishida turk kompaniyasi Samarqanddan Istanbulga parvozlarni 2017 yilning 30 oktyabrida https://www.gazeta.uz/uz/2017/10/31/istanbul/boshlagan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviatashuvchisi bilan raqobatga kirishadi.

Turkish Airlines kompaniyasining «Samarqand-Istanbul-Samarqand» reysi ekonom sinfi chipasi katta yoshli bir nafar kishi uchun 513 dollarga tushsa, xuddi shu yo‘nalishda «O‘zbekiston havo yo‘llari» chiptasi 628 dollar turadi, ya’ni 115 dollar qimmatroq (chiptalar narxi Turkish Airlines va «O‘zbekiston havo yo‘llari» rasmiy saytlarida mos ravishda 11−20 aprel va 12−24 aprel kunlaridagi ma’lumotlar).