Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi to‘rt nafar murabbiy boshchiligida Senegal va Marokash terma jamoalari bilan safarda o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazadi. U haqda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmati xabar qildi.

Kengashga terma jamoa murabbiyi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Timur Kapadze, «Bunyodkor» murabbiyi Mirjalol Qosimov, «Nasaf» murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va «Paxtakor» murabbiyi Shota Arveladze o‘rin olgan.

«Temur Kapadzeda hali murabbiylik tajribasi yo‘qligini inobatga olgan holda, O‘FA 1-vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan tuzilgan tajribali mutaxassislardan iborat murabbiylar kengashi Temur Kapadzega O‘zbekiston milliy terma jamoasini bo‘lajak o‘rtoqlik o‘yinlariga tayyorlashga yordam beradi», — deyiladi xabarda.

Senegal (23 mart) va Marokashga (27 mart) qarshi kechadigan uchrashuvlar arafasida milliy terma jamoa Toshkentda o‘quv-tayyorlik yig‘inini o‘tkazadi, so‘ngra Marokashga yo‘l olishadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Eron (15 may) va Urugvay (7 iyun) bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazadi.

«Gazeta.uz» avvalroq O‘zbekiston termasiga boshchilik qilishga kelishilgan xorijlik murabbiy JCH-2018 yakuniga yetganidan so‘ng ish boshlashi haqida xabar qilgan edi. Uning ism-sharifi hozircha oshkor qilingani yo‘q.