Oliy Majlis Senati to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi qaror loyihasini muhokama uchun e’lon qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar (oilaviy tadbirlar) milliy ma’naviyatning ajralmas qismi hisoblanib, xalqning uzoq yillik qadriyatlari va an’analarini o‘zida aks ettiradi. Biroq, keyingi paytlarda oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda shuhratparastlik, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish, boshqalarning ijtimoiy ahvolini inobatga olmaslik, xalqning urf-odatlari va an’analarini mensimaslik kabi illatlar ko‘zga tashlanmoqda.

Hujjatda to‘y-hashamlarni soat 10:00 dan 23:00 gacha, osh berish marosimlarini soat 12:00 dan 15:00 gacha o‘tkazish, soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘ymaslik taklif qilingan. Unga ko‘ra, to‘y-hashamlarda 150 nafargacha, osh berish marosimlarida 200 nafargacha kishi qatnashadi. Dafn etish va motam marosimlarida cheklanmagan miqdorda fuqarolar ishtirok etishi mumkin, osh berish marosimlari bundan mustasno.

Nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan 2 tadan ko‘p bo‘lmagan yengil avtomashinadan foydalanish lozim. Oilaviy tadbirlarda pullik avtotransport xizmati faqat litsenziyaga ega bo‘lgan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishi belgilanishi mumkin.

Loyihada milliy urf-odat va an’analarni mensimaslik, shuhratparastlik, dabdababozlik, isrofgarchilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik keltirib o‘tilgan.

To‘yxona, kafe va restoranlarda 50 kishi va undan ortiq shaxslar ishtirokida o‘tkaziladigan oilaviy tadbirlar uchun tadbir o‘tkazuvchi shaxs va to‘yxona, kafe va restoran rahbari o‘rtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada tomonlarning huquq va majburiyatlari, ish hamda xizmat turi, to‘lov, xarajatlar miqdori, tadbir ishtirokchilari soni, muddati hamda amaldagi qonunchilikda belgilangan boshqa talablar ko‘rsatiladi.

Milliy an’analarga yot bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir vaqtidagi va keyingi qo‘shimcha, ya’ni «tanishuv», «sep yoydi», «quda tanish», «ota ko‘rdi», «ota keldi», «charlari», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «kuyov navkari», «kelin navkari», «kelin salom», «tog‘ora yuborish» va shu kabi boshqa tadbirlarni o‘tkazish man etiladi. Shuningdek, «pul qistirish», «pul sochish», odobsiz shoular, «sevgi tarixi» («Love story») kabi axloq-odobga zid bo‘lgan boshqa holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qaror loyihasi bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin