O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev payshanba kuni Ostonada Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvida bunday uchrashuvlar har yili Navro‘z arafasida o‘tkazishni taklif qildi. Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, u kelgusi uchrashuvni Toshkentda o‘tkazishni taklif qildi.

Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Mejlisi rahbari Akja Nurberdiyeva ishtirok etdi.

«Bunday uchrashuvni muntazam o‘tkazish va mintaqaviy muammolarimizni birgalikda hal etish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi, — dedi Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev. — Yig‘ilishimiz hammamiz uchun umumiy bo‘lgan Navro‘z bayrami arafasida o‘tayotgani ham chuqur ma’noga ega. Albatta, alohida uchrashib turardik, muloqot qilardik, lekin bunday yaxlit uchrashuv anchadan beri bo‘lmagan edi».

Uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu kun Markaziy Osiyo xalqlarining ko‘p asrlik yaxshi qo‘shnichilik tarixida yangi sahifa ochilganini ta’kidladi.

«O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorligi izchil rivojlanib bormoqda, — dedi davlat rahbari. — Mamlakatimizning Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyod o‘sgan. Shu bilan birga, xalqlarimiz farovonligi yo‘lida foydalanishimiz mumkin bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p imkoniyatlar mavjud».

O‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida savdo, iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.